2024-yilning 1-fevralidan Yevropa Ittifoqi davlatlaridan 2 ta, Tojikiston davlatidan 3 ta, O‘zbekistondan 2 ta OTMlari Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi tomonidan moliyalashtirilgan “Open Food Innovation University (Oziq-ovqat innovatsiyalari bo‘yicha ochiq universitet) OFINU” loyihasini amalga oshirishni boshladi. Yetakchi hamkor tashkilot – Latviya Hayot fanlari va texnologiyalari universiteti.
Loyihani amalga oshirishdan maqsad Markaziy Osiyo universitetlarida oziq-ovqatni qayta ishlash texnologiyasi yo‘nalishida oʻqitishning kunduzgi taʼlim shaklidagi talabalar bilan birgalikda tashqi talabalar ishtirok etadigan taʼlimning yangi shaklini ishlab chiqish va joriy etishdan iborat. Ushbu loyihani amalga oshirishda yangi ta’lim shakli uchun huquqiy asos yaratiladi va mustahkamlanadi. Ta’lim yo‘nalishiga oid yangi o‘quv rejalari hamda modullari ishlab chiqiladi va hamkor OTMlar professor-o‘qituvchilari xorijda stajirovka o‘tashga yuboriladi. Shuningdek, o‘qitish uchun zarur bo‘lgan moddiy-texnik baza rivojlantiriladi.
‘qitishning ushbu shaklida kunduzgi taʼlim shaklida o‘qiyotgan talabalar bilan birgalikda tashqi talabalar maʼlum modullarda ishtirok etadilar, oʻquv kurslarini tugatgandan soʻng har bir modul boʻyicha belgilangan kreditlarni to‘playdilar va o‘qish yakunida diplom olishga imkon yaratiladi. Ushbu yondashuv mehnat bozoriga kirib borgan kishilar uchun kelgusida mehnat bozorida raqobatbardoshlikni va bandlik salohiyatni yanada oshirish imkonini beradi.
Loyihani amalga oshirishda jami beshta korxona (shundan uchtasi O‘zbekistonda oziq-ovqatni qayta ishlovchi bizning tashkilot “SAMARQAND DON MAHSULOTLARI” Aksiyadorlik jamiyati, “Agromir” Mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda “NAVIGUL” Qo‘shma korxonasi MChJ) va bitta tadbirkorlik uyushmasi muhim vazifalarni bajaradi. Ular yangi fan dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash jarayonlarida ishtirok etadi. Shuningdek, tajriba sinov tariqasida hamkorlarga loyihaga o‘z xodimlarini jalb qilish imkoniyatlari yaratiladi.
OFINU loyihasi 2024 yilning fevralidan 2027 yilning yanvarigacha amalga oshiriladi.
Loyiha Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladi. Bildirilgan fikrlar faqat mualliflarga tegishli bo‘lib, Yevropa Ittifoqi yoki Yevropa Ta’lim va Madaniyat Ijroiya Agentligi (EACEA) qarashlarini aks ettirmaydi. Yevropa Ittifoqi hamda EACEA ushbu fikrlar uchun javobgar bo‘lmaydi.